Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 7 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
MEROS
MADANIY MEROS
Farg'ona viloyat hokimligi

YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYADA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARIGA TO’SQINLIK QILGANLIK UCHUN JAVOBGARLIKNING BELGILANISHI

×

 2024-01-25 08:46:30    508

PDF yuklash
Chop etish


Insoniyat yaralibdiki, uning hayotida axborotlar qanday turda va mazmunda bo‘lishidan qat’iy nazar birlamchi ahamiyat kasb etgan va aynan shu xususiyati jihatidan axborotga bo‘lgan talab bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Davrlar o‘zgarishi va taraqqiyot axborot uzatuvchi vositalarning turinigina o‘zgartirdi, xalos. Davriylik, dolzarblik va tezkorlik esa jurnalistikaning taraqqiyoti bilan tengma-teng odimlab boraverdi. Shu o‘rinda  Prizident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikri ahamiyatga molik: «Fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir» Bunda eng muhim vosita ommaviy axborot vositalari hisoblanadi. Shuning uchun ular oldiga salmoqli vazifalar qo‘yilmoqda. Bugungi OAV iste’molchi talablariga tobora moslashib borayotgan bir sharoitda, faqat ularning xohishini muhayyo qilish emas, balki daqiqa sayin murakkablikdan soddalikka tomon intilayotgan jurnalistikaning saviyasini ushlab qolish, oltin muvozanat asosida faoliyat yuritish va bu qoidaga auditoriyani ustalik bilan bo‘ysundirish ham O‘zbekiston OAV oldidagi dolzarb vazifadir. Zero, ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlarni yo‘naltirish va boshqarish, ularga yo‘nalish berish, ezgu maqsadlar sari safarbar etish, ma’naviyatini yuksak darajaga olib chiqish ham soha oldida turgan muammolar sirasiga kiradi. Shuni aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumi (konstitutsiyaviy tartib) turli qonuniy vositalar bilan himoya qilinadi va konstitutsiyaviy tuzum asoslariga zarar yetkazadigan ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali berilmasligi choralari ko‘riladi.

Globallashuv sharoitida milliy axborot makonini to‘laqonli shakllantirish, fuqarolarimizda axborot immuniteti va yot g‘oyalarga qarshi mexanizmlar yaratish orqali qarshi fikr uyg‘ota olish nafaqat O‘zbekiston, balki jahondagi har qanday davlatning strategik manfaatlari bilan hamohang bo‘lgan muhim masalalar sirasiga kiradi. Bunda ommaviy axborot vositalar davlat va jamiyat o‘rtasidagi eng muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Ana shu ko‘prikning mustahkamligi ikkala tizimning rivojlanishiga ham xizmat qiladi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta‘minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori” mazkur sohani yanada rivojlantirishda g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Bundan tashqari Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari qonun asosida faoliyat olib borishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bular: “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida” va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” gi hamda shu kabi boshqa qonunlardir. Ushbu normative-huquqiy hujjatlarda ommaviy axborot vositalarining huquqiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan normalar rasmiylashtirilgan. Mazkur tadqiqot ishi yuqoridagi qonun hujjatlaridan foydanilgan holda o‘rganib chiqilgan.

Bugungi “raqamlashtirish” zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq jamiyat barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligiga oid yangi normalarni  mustahkamlagani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasi birinchi qismida fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilgan: “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”. Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berildi. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlanmoqda. Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki, Prezidentimiz qayd etganidek, ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur. Ta’kidlash joizki yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan                    XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 82-moddada “Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi” ta’kidlab o‘tilgan. Senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyada oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib, ommaviy axborot vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘tashi tayin. Eng muhimi ushbu norma shu vaqtgacha konstitutsiya darajasida belgilanmagan edi. Biroq boshqa normativ huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topgan. Xususan, «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonunning 5-moddasida: «Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanishi” belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagi normaning bosh qomusimiz darajasida belgilanishi hech shubhasiz, mamlakatimizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablari asosida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashga nihoyatda katta e'tibor qaratilayotganining yaqqol tasdig‘idir. Maqsad aniq – jurnalist va ommaviy axborot vositasi xolislik yo‘lida bemalol ishlasin. Konstitutsiyaga taklif etilayotgan yangi normalar bunga huquqiy kafolat bo‘lishi shubhasiz.

Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda shiddatli rivojlanish va yangilanish bosqichlarini boshdan kechirayotgan OAV sohasida bugun, ayniqsa, “to‘rtinchi hokimiyat” ramziy maqomiga to‘laqonli munosib chiqishlar kuzatilmoqda. Buni jamiyatimizda bot-bot ko‘zga tashlanayotgan birtalay muammolarga yechim aynan OAV orqali topilayotganida ko‘rishimiz mumkin. Ommaviy axborot vositalariga jamiyat ma’naviy rivojining eng muhim elementi sifatida qaralar ekan, mamlakatimizda mavjud bo‘lgan davlat va xususiy OAV faoliyatida quyidagi mezonlarni inobatga olish shart deb hisoblayman: shevalar va ulardan chekinish masalalari (ayniqsa, xususiy OAV faoliyatidagi shu bilan bog‘liq muammolar mavjud); – jurnalistlarda kasb etikasiga oid mezonlarni tobora kengroq isloh etish; jurnalistlarning chuqur bilim va salohiyatga ega kadrlar bo‘lib shakllanishga doir muammolar va h.z. Bir so‘z bilan aytganda, axborotning insoniyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati mutlaqo o‘zgacha tus olayotgan bir sharoitda OAV ning millat va davlat manfaatlariga xizmat qilish va fuqarolar ongini shakllantirishdagi to‘laqonli faoliyatiga to‘sqinlik qilish hozirgi siyosiy globallashuv jarayonida fan oldida o‘z yechimini kutayotgan muammolar sirasiga kirar edi. Biroq barqaror rivojlanish davrida yangi Konstitutsiyamizga ushbu va shu kabi muomollarni bartaraf qilishga doir normalarning qo‘llanilishi mamlakatimizda shu davrgacha yaratilgan OAV sohasidagi normative-huquqiy hujjatlarda bir qator kafolatlarni ham aks ettiradi.  

 

Avazjon Yigitaliyev

Fuqarolik ishlari bo‘yicha

O‘zbekiston tumanlararo sudi sudyasi