Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SUD-HUQUQ TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHDA YANGICHA YONDASHUVLAR VA XORIJIY MAMLAKATLAR TAJRIBASI
2024-06-11 14:30:00 132
Hozirgi davrda yurtimizda qonunchilik va sud-huquq tizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Ushbu maqolada sud-huquq tizimini isloh qilishda xorijiy mamlakatlar tajribasi va ularni mamlakatimizda tadbiq etishning keng istiqbollari keng yoritib berilgan. Misol sifatida Yaqin sharq mamlakatlari va boshqa xorijiy mamlakatlar sud-huquq tizimi haqida ma’lumotlar berib o‘tilgan. Bundan tashqari, mamlakatimizda ushbu sohani takomillashtirishda amalga oshirilayotgan islohotlar atroflicha yoritib berilgan. Barchamizga ma’lumki. Oxirgi yillarda yurtimizda har tomonlama chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning boshlang‘ich asosi 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish strategiyasi bo‘ldi. Unda belgilab o‘tilgan ustuvor yo‘nalishlardan andoza olgan holda barcha soha va yo‘nalishlarda keng ko‘lamli yangiliklar amalga oshirildi. Bundan ko‘zlangan bosh maqsad birinchi navbatda, yurtimizda demokratik fuqarolik jamiyatini barpo qilish va mamlakatni jahon miqyosiga olib chiqishdir. Bu yo‘lda qabul qilingan har bir normativ-huquqiy hujjat bu islohotlarni to‘ldirib, takomillashtirib bordi. Ularning har birida fuqarolarning huquq va erkinliklari oldinga qo‘yilib ularning manfaatlari uchun xizmat qilishi ta’minlanmoqda. Endi esa bir narsani o‘ylab ko‘raylik, jahonning rivojlangan davlatlarida ham sud-huquq tizimining juda ham taraqqiy etgan ko‘rinishlaridan foydalaniladi. Har bir davlat albatta sud tizimni o‘zining hududi, aholisi, diniy qarashlari, tarixan rivojlanish bosqichlarini inobtga olgan holda joriy etadi. Ularning o‘ziga xos jihatlari nimada? Ularning muvaffaqiyati nimaga asoslanadi? Ularni bizning milliy huquq tizimimizda joriy etishda qanday yutuqlarga erishishimiz mumkin? Quyida mazkur savollarni xorijiy mamlakatlar misolida ko‘rib chiqamiz. So‘ngi yillarda Yaqin sharqda ham sud-huquq tizimi ham yuqori cho‘qqini zabt etmoqda. Eng oddiy huquqbuzarliklar uchun jazolar belgilangan mamlakatda, inson joniga qasd qilish, korrupsiya, davlatga qarshi jinoyatlarga qanday jazolar belgilangan bo‘lishi mumkin. Har qanday jinoyatga qarshi murosasiz kayfiyat, har qanday huquqbuzarlikni darhol bartaraf etish, qonunlarning ustuvorligini so‘zsiz ta’minlash ular faoliyatining asosiy prinsiplari sirasiga kiradi. Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda jinoiy jazolarni liberallashtirish chora-tadbirlari qo‘llanmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad inson manfaatlaridir. Odil sudlov qachonki chinakam mustaqil sud hokimiyati tomonidan amalga oshirilsa, inson qadr-qimmati taʼminlanadi, adolat va qonun ustuvorligi qaror topadi. Shu maʼnoda, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishning muhim shartlaridandir. Gap shu haqda ketganida, Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bagʻishlangan marosimdagi maʼruzasida ilgari surgan tashabbuslar yodga tushadi. “Sud hokimiyatining mustaqilligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlash oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir. Sudlarda ishlarni koʻrish sifatini oshirish, ayniqsa, fuqarolik ishlarida ovora boʻlib yurishlarning oldini olish, aynan bir instansiya sudida ishni bir necha marotaba koʻrib turli qarorlar qabul qilish amaliyotiga chek qoʻyish vaqti keldi”, degan edi davlatimiz rahbari. Odil sudlovni amalga oshirishdagi eng asosiy muommo sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, sud ishlarida adolatli qaror qabul qilishga qodir bo‘lgan, yuksak malakali, halol va pok vijdonli sud xodimlarini korpusini shakllantirish, sudlarda ishlarni ko‘rish sifatini yanada oshirish bilan bog‘liqdir. Huquq avvalo inson manfaaatlarini himoya qilar ekan, inson manfaaatlari boshqa inson tomonidan poymol qilinmasligi kerak. Qonunlarda belgilangan taqiq va cheklovlarni fuqarolarga yetkazish mexanizmini ham takomillashtirish kerak. So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi. Sloveniya sobiq adliya vaziri Goran Klimenchich O‘zbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni ijobiy baholagan. Mazkur islohotlar samarasida fuqarolarning sud-huquq tizimiga ishonchi ortib borishi shubhasiz. Rivojlangan davlatlardagi kabi qonunlarga hurmat hissini yurtimizda ham fuqarolar ongiga singdira olsak, kelajak avlod, albatta yuqori darajada rivojlangan davlatning fuqarolari bo‘la oladi. Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, har bitta davlatning sud huquq tizimi o‘ziga yarasha kamchilik va yutuqlarga ega. Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda, qonun ustivorligi g‘oyasini hayotga tadbiq etishni ta’minlovchi asosiy mexanizm bo‘lmish sud-huquq tizimini shakllantirish va takomillashtirish O‘zbekistonda davlat tomonidan olib borilayotgan huquqiy siyosatning tamal toshi hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ushbu jarayonlar Prezidentimizning tashabbusi bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin ifodasidir. Sud va sudyalarimizning mustaqilligini ta’minlash ushbu sohadagi islohotlarning bosh tamoyili bo‘lib xizmat qilmoqda. Yana bir narsani aytish lozimki, xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni mamlakatda joriy qilish istiqbollarini o‘rganishdan asosiy maqsad dunyodagi rivojlangan davlatlarning sud-huquq tizimidan andoza olgan holda ularni amaliyotga tadbiq etish va kuchli demokratik fuqarolik jamiyatini qurish hisoblanadi. Raximjon QosimovFarg‘ona viloyat sudi sudyasi