Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
FARZANDIM BILAN FAXRLANAMAN
2020-01-14 13:53:29 447
Bugun 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev va O’zbekiston Mudofaa vazirligi Sharqiy harbiy okrugi qo’mondoni Lutfullo Buzrukovlar yurt tinchligi va xalq osoyishta hayoti uchun jon fido etgan vatanimizning mard o’g’lonlari xonadoniga tashrif buyurdi
Boburjon G’aniyev ham ana shunday mard o’g’lonlardan biri edi. U 2000 yil avgust oyida Surxondaryo viloyatining Uzun va Sariosiyo tumanlariga bostirib kelgan bir guruh terrorchilarga qarshi olib borilgan janglarda mardonavor kurashgan va xizmat burchini bajarayotgan chog’ida qahramonlarcha halok bo’lgan. Jangda shahid bo’lgan Boburjonning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Marg’ilon shahridagi o’zi tahsil olgan 13-umumta'lim maktabida byusti o’rnatilib, u yashagan ko’chaga uning nomi qo’yilgan, xonadoniga uy-muzeyi tashkil etilgan.
Viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev tashrif chog’ida G’aniyev Boburjonning onasi Munavvarxon G’aniyeva bilan sammiy suhbatlashdi. Munavvarxon ayaga Boburjon G’aniyevdek mard va jasur farzand tarbiyalagani uchun minnatdorchilik bildirdi, sog’lik-salomatlik tiladi.
-Farzandlarim, umuman olganda oilamiz harbiylar oilasi. Turmush o’rtog’im, o’zimning onam ham harbiy bo’lishgan. Boburjon o’g’limning dunyoqarashi va fikrlashi keng edi. Vatanparvarlik, mardlik, fidoiylik haqida juda ko’p gapirardi. Orzu umidlari ko’p edi. Men hech qachon afsuslanmayman. Bolam o’zidan ulug’ nom qoldirdi. Bayram kunlari xonadonimiz bolamni yo’qlab keluvchilar bilan gavjum bo’ladi. Viloyatimiz hokimining tashrifi, ularning e'tiborini Prezidentimiz va hukumatimizning e'tibori deb bilaman,-deydi Munavvarxon aya.
Hokim va qo’mondon Bobur G’aniyev uy muzeyi bilan tanishdilar. Munavvarxon ayaga sovg’a salomlar, muzeyga esa issiq-sovuq havo tarqatuvchi jihozlar topshirishdi.
Farg’ona viloyat hokimligi Axborot xizmati