Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Jinoyat to`g`risidagi qonun hujjatlari yangi institutlar bilan to`ldirildi
2021-03-23 09:17:36 326
O`zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`RQ-675-sonli qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonunga muvofiq JPKga quyidagilar o`zgartirishlar kiritildi:
1. Ko`rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo`yish – guvoh va jabrlanuvchini (fuqaroviy da’vogarni) ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga binoan so`roq qilish, bu sud tomonidan amalga oshiriladi.
Ko`rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo`yish uchun asoslar, ularni oldindan mustahkamlab qo`yish to`g`risidagi iltimosnomani ko`rib chiqish shartlari, ko`rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo`yish tartibi va ko`rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo`yilgan shaxsni qayta so`roq qilish uchun asoslar belgilandi.
2. Jinoyat ishi bo`yicha dastlabki eshituv quyidagilar uchun asoslar mavjud bo`lgan taqdirda o`tkaziladi:
jinoyat ishi bo`yicha ish yuritishni to`xtatib turish yoki tugatish;
jinoyat ishini ayblov dalolatnomasini, ayblov xulosasini yoki tibbiy yo`sindagi majburlov chorasini qo`llash to`g`risidagi qarorni tasdiqlagan prokurorga yuborish;
JPKda nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishlarini birlashtirish;
nomaqbul dalillarni ishdan chiqarib tashlash to`g`risida taraflardan birining iltimosi mavjud bo`lsa, ushbu dalillarni chiqarib tashlash.
Jinoyat ishi bo`yicha dastlabki eshituvni o`tkazish tartibi va muddatlari, jinoyat ishi bo`yicha ish yuritishni to`xtatib turish va qayta tiklash, shuningdek sud ajrimini chiqarish, uning ustidan shikoyat berish va protest keltirish va boshqalar tartib-taomillar belgilandi.
3. Aybga iqrorlik to`g`risidagi kelishuv – jinoyat ishini yuritishni nazorat qiluvchi prokuror bilan ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan, uncha og`ir bo`lmagan va og`ir jinoyatlar bo`yicha tuziladigan kelishuvdir. U o`ziga nisbatan qo`yilgan gumonga, ayblovga rozi bo`lgan, jinoyatning ochilishiga faol ko`maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan tuziladi.
Aybga iqrorlik to`g`risidagi kelishuvni tuzish shartlari, kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani berish va uni ko`rib chiqish, shuningdek aybga iqrorlik to`g`risidagi kelishuvni sud tomonidan ko`rib chiqish, hukm chiqarish tartibi va boshqa tartib-taomillar belgilandi.
Jinoyat kodeksiga 572-modda kiritildi. Unga muvofiq aybga iqrorlik to`g`risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo`yicha tayinlanadigan jazoning muddati yoki miqdori JK Maxsus qismining tegishli moddasida (qismida) nazarda tutilgan eng ko`p jazoning yarmidan oshmasligi kerak.
JPKga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalarga muvofiq:
- ·gumon qilinuvchiga amalda ushlangan yoki jinoyat joyida ushlash bilan bog`liq tezkor-qidiruv tadbiri amalda yakunlangan yoxud uning gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi to`g`risidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo`lish huquqi beriladi (ilgari – u ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi to`g`risidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo`lish huquqi berilgan);
- ·shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat joyida ushlash bilan bog`liq tezkor-qidiruv tadbiri amalda yakunlangan paytdan boshlab u bilan bog`liq protsessual harakatlar amalga oshirilguniga qadar uning himoyachi bilan xoli uchrashishi ta’minlanadi. Bu haqda bayonnoma tuziladi;
- ·ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga bo`lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) e’tiboran ko`pi bilan 48 soatni tashkil etadi. (Ilgari – ushlangan shaxsni ichki ishlar organlari yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga olib kelingan paytdan muddat belgilangan);
- ·gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan yoki sudlanuvchidan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan arizalar, tushuntirishlar yoki ko`rsatuvlar olish mazkur jinoyat ishi o`z yurituvida bo`lgan surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshiriladi. Belgilangan tartibda himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno.
Himoyachining ishtirok etishi majburiy bo`lgan ishlar ro`yxati to`ldirildi.
Endi uning quyidagi ishlarda ham ishtirok etishi majburiy hisoblanadi:
- ·sud tomonidan dastlabki eshituv o`tkazilayotgan ishlarda;
- ·o`ta og`ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo`yicha;
- ·shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash, shuningdek qamoqda saqlash, uy qamog`i muddatini uzaytirish masalasi ko`rib chiqilayotganda;
- ·aybiga iqrorlik to`g`risida kelishuv tuzilgan ishlar bo`yicha.
Ushbu holatlarda himoyachidan voz kechilishiga yo`l qo`yilmaydi.
Tezkor-qidiruv tadbirlarining natijalari faqat qonun talablariga muvofiq olingan bo`lsa, JPK normalariga muvofiq tekshirilgan va baholanganidan keyin hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining yoki tezkor-qidiruv tadbirida ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bog`liq bo`lmagan holda shaxsda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud bo`lganligidan dalolat bersa, ushbu natijalar dalil sifatida tan olinishi mumkin.
Shuningdek boshqa o`zgartirishlar qatorida isbotlashda quyidagilar taqiqlanishi belgilangan:
- ·shaxsni g`ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash;
- ·shaxsni jinoyat ishiga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo`lgan taqdirda, uni guvoh tariqasida so`roq qilish, bundan ekspertiza yoki taftish o`tkazish talab etiladigan hollar mustasno;
- ·shaxsga uning protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki og`zaki ko`rsatuvlar olish;
- ·ushlangan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo`lmagan taqdirda, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so`roq qilish;
- ·mazmunan ko`rib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida protsess ishtirokchilarini surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va (yoki) so`roq qilish. Ular bilan bog`liq bo`lgan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yoki sudning yozma topshirig`i mavjud bo`lgan hollar bundan mustasno.
Farg`ona viloyat sudining sudyasi B.Ergashev
Jinoyat ishlari bo`yicha
Beshariq tuman sudining sudyasi N.Salomov