Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Yangi Qonun-sud hokimiyatini chinakam mustaqilligini ta’minlash asosidir
2021-08-25 10:07:55 306
So‘nggi yillarda mamlakatda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sud ishlari yuritilishini takomillashtirish, fuqarolar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud tomonidan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu islohotlar esa o‘z-o‘zidan oldin qabul qilingan bir qator qonunlarni yangitdan qabul qilinishiga va sud-huquq sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlaganlaridek, sud-huquq sohasiga doir asosiy qonun va kodekslar bundan deyarli 20-25 yil oldin qabul qilingan bo‘lib, hozirgi davr talablariga javob bermaydi.
Shu sababli parlament yaqin yillarda Fuqarolik, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijro, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarni yangitdan qabul qilishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada, avvalo, tergov va sud amaliyotiga inson huquqlari sohasidagi ilg‘or standartlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratish kerak.
Qonunchilikni yangilashdan maqsad – faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Ayniqsa, 2021 yilda amalga oshirilgan sud tizimidagi o‘zgarishlar, jinoyat, iqtisodiy, fuqarolik, ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida xalqaro tajribada sinalgan, umume’tirof etilgan dunyoda eng maqbul hisoblangan «Bir sud – bir instansiya» tamoyilini joriy qilinishi, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko‘rinishdagi tashqi ta’sirlardan samarali muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratish, sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish, sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash, sudyalarning kasbiy malakasi, ma’naviyati va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirish orqali sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, sud tizimidagi korrupsiya holatlarini barvaqt oldini olish qaratilgan ulkan vazifalar “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunni ham yangidan qabul qilish zaruriyatini keltirib chiqardi.
Shu munosabat bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi yangi qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 15 iyunda qabul qilingan edi. Senat tomonidan esa 2021 yil 26 iyunda ma’qullandi va 28 iyulda davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.
Qonun 14 bob, 101 moddadan iborat bo‘lib, unda asosan sudlarning tuzilmasi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar, Oliy sud, sud hay’atlari, Oliy sud Rayosati va Plenumi vakolatlari doirasi, sudya mustaqilligini asosiy kafolatlari, sudyalarning huquqiy maqomi, sudyalik lavozimiga nomzod va sudyaga qo‘yiladigan talablar, shuningdek sudyalarni, sudlarning raislari va rais o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi, sud tizimida tashkiliy-tarkibiy o‘zgartirishlar, sudyalik vakolatlarini to‘xtatib turish va tugatish asoslari va tartibi, sudyalarning moddiy ta’minoti va ularni ijtimoiy himoyalash choralari qat’iy belgilab qo‘yildi.
1-moddada O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatlaridan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Hech qaysi boshqa organlar va shaxslar sud hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirib olishga haqli emas.
Shuningdek, mazkur qonun sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Qonunga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yiladi. Sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin. Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
Hujjatda, O‘zbekistonda sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi. Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega etib belgilandi.
Shu bilan birga, 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkinligi belgilandi. Sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanadi. Oliy sud sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun 65 yoshni tashkil etadi.
Qonunda sudyalarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy himoyasi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, uy-joyga muhtoj bo‘lgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan ta’minlanadi. Sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bog‘liq xarajatlari kompensatsiya qilinishi huquqiga ega.
Vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinadi. Sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur qonunda belgilangan normalar sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning sudlar faoliyatiga ishonchini mustahkamlash hamda sudlar faoliyatini ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, sudyalarni ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jihatdan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farruxjon Abduraimov
Farg‘ona viloyat sudining sudyasi
Nodirjon Salomov
Jinoyat ishlari bo’yicha
Beshariq tuman sudining sudyasi