Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 2 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
MEROS
MADANIY MEROS
Farg'ona viloyat hokimligi

Sudlarda ochiqlik kengaygani sari adolatga erishish imkoni oshadi

×

 2021-09-17 14:43:56    272

PDF yuklash
Chop etish


Sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta’minlash hamda sifatini oshirish uchun sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda.

2018 yil 1 yanvardan sudlar faoliyatiga joriy etilgan yagona markazlashtirilgan elektron ma’lumotlar bazasi sudlarda ishlarning o‘z vaqtida ko‘rilishini monitoring qilishning samarali tizimini yaratdi.

Mazkur baza orqali 2018 yil oktyabrda birinchi instansiya sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda teng taqsimlash imkonini beruvchi dasturiy ta’minot ishga tushirildi. Bu ishlarni inson omilisiz taqsimlash, ushbu jarayonda xolislik tamoyili ta’minlanishiga zamin yaratdi.

Shu paytgacha 2 million 560 ming 165 ish sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlandi.

Oliy sudda odil sudlovni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot kommunikatsiya texnologiyalari taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.

2018 yil aprelda esa Oliy sud va Majburiy ijro byurosining axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilindi. Bu sudlar tomonidan chiqarilgan ijro hujjatlarini majburiy ijro byurolariga sudyalarning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan holda elektron shaklda yuborish hamda ularning ijrosiga doir ma’lumotlarni onlayn tarzda olishga yo‘l ochdi.

O‘tgan davrda 1 million 990 ming 205 ijro hujjati axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilgan.

2019 yil yanvardan ishga doir hujjatlarni faqat elektron shaklda saqlash va ishlarning elektron arxivini yaratish maqsadida iqtisodiy sudlarda ishlarni elektron ko‘rinishda shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan vaqt oralig‘ida 20 ming 271 iqtisodiy ish elektron shakllantirilgan.

2020 yil 1 iyundan elektron shaklda ko‘rilgan ishlarning elektron arxivi yaratildi. Hozirgacha 15 ming 645 ishning elektron arxivi shakllantirilgan.

2014 yil sentyabrdan boshlab sudlarda videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda sud majlislarini o‘tkazish tartibi joriy etildi.

Mazkur tizimda sud majlisida ishtirok etuvchi shaxslar o‘z hududini tark etmagan holda sud majlislarida ishtirok etadi. Fuqarolarning sud majlisida ishtirok etishlari uchun sarflanadigan vaqti va mablag‘i tejaladi. Taraflarning sud majlisidagi ishtiroki to‘liq ta’minlanadi.

Shu paytgacha 321 sud majlisi zali mazkur tizim bilan to‘liq ta’minlanib, 32 ming 22 sud majlisi ushbu rejimda o‘tkazilgan. Natijada 72 ming 491 nafar ishtirokchining 21,4 milliard so‘mi tejalgan.

Aytib o‘tish kerakki, 1 milliondan ortiq ma’muriy ish haqidagi ma’lumotlar elektron tizim orqali kelib tushgan. Tergov organlaridan 35 ming 648 jinoyat ishi haqidagi ma’lumotlar ham tizim orqali kelgan.

Bundan tashqari, sudlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmat turlaridan bir manzil asosida foydalanishi uchun Oliy sudning Interaktiv xizmatlar portali (my.sud.uz) ishga tushirildi. Unda “Murojaat” (exsud.sud.uz) rukni asosida sudlarga murojaatlarni elektron shaklda yuborish, “Elektron to‘lov tizimi” (billing.sud.uz) rukni orqali davlat bojlari va sudga murojaat qilishdagi yig‘imlarni aniqlash mumkin.

Portalda “Qarorlar to‘plami”, “Namunalar”, “Kalkulyator”, “Majlislar jadvali” ruknlari ham bor.

2020 yil fevral oyida “Elektron qabul” rukni orqali masofadan turib Oliy sud rahbariyatining shaxsiy qabuliga onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tish tizimi joriy etildi.

2020 yil iyun oyida “Onlayn kuzatuv” rukniga murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish imkonini beruvchi axborot tizimi sinov tariqasida joylashtirildi.

Joriy yilda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash yo‘lga qo‘yildi.

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilar sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilinadi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga  onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etildi.

2022 yil 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida yana o‘nga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Muhimi, ochiqlik doirasi kengaygani sari adolatga erishish imkoni oshadi.

 

Rahmonov Farxodjon

Farg‘ona viloyat sudining bosh konsultanti

 


Agar sayt moderatorlariga sayt haqida fikr-mulohazalaringiz bo`lsa,
bu jadvallarni to'ldirib jo'nating