Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
2023 yilda aholini roʼyxatga olish tadbiri oʼtkaziladi.
2022-07-14 14:12:03 205
Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida o‘z ifodasini topadi. Aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi.
Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga qarab o‘tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo‘ladi.
Aholini ro‘yxatga olish – aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumotlar olishning yagona axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Aholi hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi
uch ming yillikdan boshlangan. Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Aholini ro‘yxatga olishdan maqsad soliq to‘lovchilar
va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash bo‘lgan. Shuning uchun ham, bu aholi ro‘yxatlarida asosan erkaklar ro‘yxatga olingan. Chunki, u paytlarda erkaklarning iqtisodiy o‘rni yuqori bo‘lgan, soliq to‘lashda faqat erkaklar, ya’ni oila boshliqlari qatnashgan.
Аholini roʼyxatga olish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, tayyorgarlik bosqichi boʼlib, 2-3 yilga yaqin vaqt davom etadi.
Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini roʼyxatga olishda faol ishtirok etish boʼyicha aholi oʼrtasida targʼibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Yana bir muhim vazifalardan biri bu – shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalarini va maʼmuriy tumanlar xaritalarini tayyorlash hamda aholi punktlaridagi uylarning roʼyxatini tuzish hisoblanadi. Bunda mahalla, qishloq va ovullarning chegaralari, koʼchalarda nom belgilarining oʼrnatilganligi, turar va noturar joylarning aniq soni hamda uylarning raqamlanganligi aniqlashtirib olinadi.
Tayyorgarlik bosqichida aholini roʼyxatga olish bilan bogʼliq hujjatlar, jumladan, roʼyxatga olish varaqalari, roʼyxatga olishni tashkil etish va oʼtkazish, uning natijalarini olish va eʼlon qilish metodologiyasi ishlab chiqiladi.
Ikkinchi bosqich, asosiy bosqich boʼlib, bu taxminan 10-60 kungacha davom etadi. Bunda bevosita aholini roʼyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar yigʼiladi, nazorat tekshiruvi oʼtkaziladi va aholini roʼyxatga olish materiallari topshiriladi.
Mamlakatimizda 2023 yilda oʼtkaziladigan aholini roʼyxatga olish tadbiri anʼanaviy usulda, yaʼni roʼyxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy kirgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, roʼyxatga olish varaqalarini toʼldirish orqali amalga oshiriladi.
Uchinchi bosqich muddati qariyb ikki yilgacha boʼlib, roʼyxatga olish jarayonida toʼplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritilib, maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinadi va natijalar eʼlon qilinadi.
D.Abdukarimov
Beshariq tumani ro‘yxatga olish bo‘limi boshlig‘i