Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Milliy gvardiya vakolatlarining kengayishi.
2023-07-31 11:10:42 188
Jamoat tartibini saqlashga doir amalga oshirilayotgan muhim o’zgarishlar. Milliy gvardiya vakolatlarining kengayishi.
O‘zbek davlatchiligi tarixi va taraqqiyotining barcha bosqichlarida jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash hamda davlat ob’yektlarini qo‘riqlash muhim vazifa hisoblangan. Tarixiy manbalarda sohaga doir qabul qilingan hujjatlar asosida, mamlakatda ichki xavfsizlikni ta’minlash maqsadida faoliyat olib borgan tuzilmalarning nomi, boshqaruv strukturasi, vazifalari va xizmat faoliyati doimiy ravishda o‘zgarib borganligi kuzatiladi. Jamoat tartibini saqlash - fuqarolarning shaxsiy va jamoat xavfsizligi, tashkilotlarning normal faoliyat koʻrsatishi hamda fuqarolar mehnat qilishi va dam olishi uchun toʻliq sharoit yaratishga, ularning shaʼni, qadr-qimmatini hamda umumaxloqiy qadriyatlarni hurmat qilishga yoʻnaltirilgan huquqiy va ijtimoiy normalar asosida jamoat joylarida yuzaga keladigan va rivojlanadigan ijtimoiy munosabatlar tizimi hisoblanadi.
Bugungi kunda jamoat tartibini saqlash, aholi tinchligi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda ichki qo‘riqlash kabi vazifalarni amalga oshirayotan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarixi aynan shu sohaga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi boshqa kuch tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tarkibida boshlangan. Joriy yilning may oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritish, xususan, Milliy gvardiya xodimlarining vakolatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Oʻzbekistonda Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik qilgan, sovuq qurolni yoki shunga oʻxshash ashyolarni olib yurganlarga bayonnomalar tuzish va ularni koʻrib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qoʻshimcha vakolatlar berildi. Senatorlar «Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi qonunni koʻrib chiqib, uni maʼqulladi. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlariga yuqorida koʻrsatib oʻtilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yuritish (bayonnoma tuzish) vakolati berilmagani sababli yuqorida qayd etilgan holatlar boʻyicha toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarga hal etish uchun yuborilgan. Bu esa oʻz navbatida, ortiqcha hujjat aylanishi va eng asosiysi, fuqarolarning sarson boʻlishiga olib kelar edi. Shu vaqtgacha ularning zimmasiga huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, davlat obyektlari, jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini qoʻriqlash, jamoat tartibini saqlash, jamoat joylarida patrullik qilish kabi vazifalar yuklatilgan. Yangi o’zgarishlarda keltirilishicha, yangi vakolatlar voyaga yetmagan shaxsni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishga, gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini isteʼmol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi. Bunda mazkur toifadagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda, ularga jarima jazosini qoʻllash huquqi berilmoqda. Shu bilan birga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yuqorida keltirilgan oʻzgartishlar kiritilishi munosabati bilan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar boʻyicha Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish huquqi berilmoqda. Endilikda Milliy gvardiya xodimlari va harbiy xizmatchilari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalari yuzasidan huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va jarima solishi mumkin:
- 187-moddaning 1-qismi (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish);
- 188-modda (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish);
- 188−2-modda (Voyaga yetmagan shaxsning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish);
- 192-modda (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish).
kabi ayrim vakolatlar taqdim etildi. Yuqoridagi fikrlarni va amalga oshirilgan o’zgarishlarni yaxlit bir konsepsiya deb olsak maqsadga muvofiq bo’ladi.
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadi aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirish, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyilini amalga oshirish hisoblanadi. Bu maqsadga erishish jamoat xavfsizligini taʼminlashning yaxlit tizimini ishlab chiqish, huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni ochish va tergov qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar boʻlinmalarining kasbiy tayyorgarligini yuksaltirish asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatining Milliy gvardiyaga berilishi, tumanlararo patrulpost xizmati boʻlinmalarini tashkil etish, mahallalarda profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning maqbullashtirilishi jamoat xavfsizligini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.
Foziljon Hatamkulov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
O‘zbekiston tumanlararo sudi sudyasi