Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Dastlabki eshituv bosqichi haqida nimalar bilamiz?
2021-01-07 18:11:05 450
Dastlabki eshituv bosqichi haqida nimalar bilamiz?
Dastlabki eshituv — surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyati ustidan bevosita tortishuv printsipi asosida amalga amalga oshiriladigan protsessual jarayon bo`lib, bunda sud muhokamasiga qo`yilgan masalalar, hamda ish yuzasidan to`plangan dalillar majmuasi yetarligi va maqbulligi o`rganiladi. Jinoyat-protsessida dastlabki eshituv tergov va surishtiruv organlarining hatti-harakatlari qonunga muvofiqligi yuzasidan bevosita sud nazorati hisoblanadi.
Dastlabki eshituv instituti joriy etilishi sud hokimiyatining vakolatlarini kengaytirishga hamda taraflarning tortishuvlik tamoyilini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dastlabki eshituvning sud uchun qanday afzalliklari va ijobiy ta’siri bor? Ta’kidlash zarurki, jinoyat ishini sudda har tomonlama va xolisona ko`rilishiga to`sqinlik qiluvchi holatlarni bartaraf etish mas’uliyati sudьyaning zimmasida bo`lsada, lekin uni amalga oshirish uchun real vakolati yo`qligi sababli jinoyat ishining nuqsonlarini ko`ra bila turib sud muhokamasiga “o`tkazish” majburiyatidan ozod bo`ladi.
Dastlabki eshituv instituti AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Rossiya, hamda Ispaniya, Italiya davlatlar sud amaliyotida joriy etilgan. Mazkur davlatlarda o`ziga xos xususiyatlari mavjud bo`lsa-da, sud muhokamasida jinoyat ishni mazmunan ko`rishga to`sqinlik qiluvchi holatlar mavjudligini aniqlash, sud muhokamasi jarayonida faqat qonun bilan yo`l qo`yilgan dalillarni ishlatish uchun sharoit yaratish, jinoyat ishini kelgusida sud muhokamasida ko`rish uchun sud tarkibini va sud jarayonini sudlanuvchining ishtirokisiz ko`rish imkoniyati mavjudligini aniqlash dastlabki eshituv institutining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Hozirgi jinoyat-protsessual qonunchiligida jinoyat ishini sud muhokamasiga tayyorlash sudьya tomonidan 7 kun ichida amalga oshirilishi belgilangan bo`lib, ish mazkur sudning sudloviga tegishlilik, ishni tugatish yoki to`xtatishga sabab bo`ladigan holatlar mavjudligi, ishning sud majlisida ko`rilishi uchun asoslar yetarligi, surishtiruv va dastlabki tergov o`tkazish chog`ida qonun talabiga rioya etilganligi, ayblanuvchiga ehtiyot chorasi to`g`ri tanlanganligi, jinoyat oqibatida yetkazilgan mulkiy zararni qoplanishini ta’minlash choralari ko`rilganligi, ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi qonun talablariga muvofiq tuzilganligi kabi masalalar aniqlanishi lozim.
Ushbu muhim masalalar sud tomonidan yakka tartibda prokuror, jabrlanuvchi, ayblanuvchi, himoyachi va boshqa ishtirokchilar jalb qilinmagan holda amalga oshiriladi. Ushbu jarayon taraflar ishtirokida tortishuvlik sharoitida amalga oshirilsa, taraflarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni yangi bosqichga chiqaradi.
Demak, dastlabki eshituv joriy etilishi sudning protsessual vakolatlarini mustahkamlash va yanada kengaytirishga, natijada esa, sud, dastlabki tergov organlari hamda fuqarolarning vaqti va sa’iharakatlarining tejalishi, jinoyat ishlari yurituviga jalb etilgan shaxslarning buzilgan huquqlari tez fursatda tiklanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo`yicha
Beshariq tuman sudining raisi F.Sobirov
Jinoyat ishlari bo`yicha
Beshariq tuman sudining sudyasi N.Salomov