Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 6 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
MEROS
MADANIY MEROS
Farg'ona viloyat hokimligi

Odam savdosi – global xavf

×

 2021-05-25 15:42:06    317

PDF yuklash
Chop etish


Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko`p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan bo`lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko`rilmoqda.

"Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to`g`risida"gi Konventsiya (1949), "Qullik va qul savdosini, qullikka o`xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to`g`risida"gi qo`shimcha Konventsiya (1956), "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida"gi Konventsiyani to`ldiruvchi "Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to`xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to`g`risida"gi bayonnoma (2000) bu borada odam savdosiga qarshi kurashishni huquqiy asoslarini yaratib bermoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to`g`risida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a’zo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo`ljallangan dasturi" qabul qilingan edi.

Biroq, dunyo bo`ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ`ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo`layotgan asosiy omillardan odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligi va mamlakatlardagi ishsizlik va aholi turmush darajasining pastligidir. Achinarlisi, o`zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo`may daromad ilinjida og`ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.

BMT ma’lumotiga ko`ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo`yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo`li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Mamlakatimizda odam  savdosiga qarshi kurashning huquqiy asosini yaratish va samaradorlikni oshirish maqsadida 2008 yilning 17 aprelida “Odam savdosiga qarshi kurashish to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek ushbu qonun 17.08.2020 yilda yangi tahrirda qabul qilinib, unga ko`ra odam savdosiga qarshi kurashuvchi davlat organlari va ularning vakolatlari aniq qilib belgilab qo`yildi.

Qonunga ko`ra odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining quyidagi:

odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va uquqiy madaniyatini yuksaltirish;

odam savdosini o`z vaqtida aniqlash va unga chek qo`yish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shug`ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi printsipini ta’minlash;

odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash, shu jumladan ijtimoiy himoya qilish;

odam savdosiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, konferentsiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari o`tkazishga doir faoliyatni, shuningdek ushbu sohadagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatni rivojlantirish hamda rag`batlantirish;

odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik kabi asosiy yo`nalishlari belgilab olindi. Yangi qonunga ko`ra odam savdosiga qarshi kurashuvchi Idoralararo komissiya o`rniga Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo`yicha milliy komissiya tashkil etilib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organga aylantirildi.

Shuningdek, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo`yicha milliy ma’ruzachi lavozimi joriy etilib, har yili odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo`yicha yuzaga kelayotgan vaziyat hamda ko`rilayotgan choralar haqida O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot taqdim etadigan, shuningdek ular to`g`risida jamoatchilikni va xalqaro hamjamiyatni xabardor etish maqsadida ommaviy axborot vositalari uchun brifinglar tashkil etadigan, O`zbekiston Respublikasining mazkur sohadagi milliy manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qiladigan vakolatli shaxsga aylantirildi. Milliy ma’ruzachining vazifalarini Milliy komissiya raisi bajarishi belgilab qo`yildi. Bir so`z bilan aytganda, mamlakatimizda mazkur jinoyatga qarshi kurashishning qonuniy asoslari yaratilgan, bunga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan nodavlat tashkilotlar hamkorligini kuchaytirish jinoyatchilikning kamayishiga xizmat qilmoqda. Biroq ushbu turdagi jinoyatlarni batamom tugatishni imkoni bo`lmayapti. Odam savdosi bugungi kunga kelib, global xavfligicha qolmoqda.

 

 

Nodir Salomov

Jinoyat ishlari bo`yicha

Beshariq tuman sudining sudyasi


Agar sayt moderatorlariga sayt haqida fikr-mulohazalaringiz bo`lsa,
bu jadvallarni to'ldirib jo'nating