Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI
2021-12-30 10:56:58 348
Korrupsiya barq urayotgan jamiyatda ozodlik uzoq vaqt hukm surishi mumkin emas.
Edmund Berk
Butun tarix davomida mamlakatlar o’z mustaqilligini boy berishiga nafaqat jangu jadallardagi mag’lubiyatlar balki amaldorlarning sotqinligi, o’z manfaatlarini jamiyat manfaatlaridan ustun qo’ygani, ya’ni korrupsiya ham sabab bo’lgan. Demak, korrupsiyaga qarshi kurashish ayni paytda mustaqilligimizni mustahkamlash, vatanimizning ozodligi va obodligini ta’minlash uchun ham hayotiy zaruratdir.
Yaqinda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha juda muhim ikki hujjat — “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi qonun va Prezidentimizning “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o’zining saylovoldi ma’ruzalaridan birida “bugungi kundagi yana bir ustuvor vazifamiz — mamlakatimiz rivojiga to’siq bo’layotgan yovuz illat, ya’ni korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarlikning oldini olish masalalarini samarali hal etishdan iborat” ekanini alohida ta’kidlagan edi.
Korrupsiya yuqorida keltirganimizdek, tarixiy muammo u bilan muntazam kurarshishni taqazo etadi.
“Korrupsiya” atamasining etimologik jihati xususida turli fikrlar mavjud. Keng ommalashgan birinchi fikr tarafdorlariga ko’ra, “korrupsiya” atamasi lotincha “corruptio” so’zidan olingan bo’lib,
“pora evaziga og’dirish” degan ma’noni anglatadi.
Ayrim adabiyotlarda esa mazkur atama lotincha “corrumpere” (buzilish, aynish, tanazzul), boshqa adabiyotlarda lotincha “cor-ruptum” (singan, buzilgan) so’zidan kelib chiqqani va shaxsiy hamda korporativ foyda yo’lida jamoat manfaatlariga putur yetkazishni anglatishi qayd etilgan. Korrupsiyaga qarshi jiddiy va keskin kurash olib borishni vaziyatning o’zi taqozo etmoqda. Qaysi bir sohada rivojlanish, taraqqiyot ro’y bermayotgan ekan, uning asl sababi korrupsiyaga borib taqaladi.
O’zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi qonunida korrupsiyaga shunday ta’rif berilgan: “korrupsiya — shaxsning o’z mansab yoki xizmat mavqyeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o’zga shaxslarning manfaatlarini ko’zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xudi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish”.
Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo’yish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar aniq belgilab qo’yilgan.
Xalqaro valyuta jamg’armasining hisob-kitoblariga ko’ra, korrupsiya tufayli jahon iqtisodiyoti yiliga o’rtacha 1,5-2 trillion AQSh dollari miqdorida zarar ko’radi.
Korrupsiya butun dunyoda bo’lgani kabi O’zbekistonda ham unga qarshi murosasiz kurashish va uni oldini olishga qaratilgan normativ huquqiy-hujjatlarga barchamiz amal qilishimiz lozim va shartdir. Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish tom ma’noda barchamizning burchimizdir.
Farg’ona viloyat ma’muriy sudining sudyasi
Kasimov Jamolxon Odilovich